Yangilik tafsiloti


Xalqaro shaxmat maktabida yosh strateglar xalqaro anjumani o‘tkazilmoqda
Xalqaro shaxmat

Xalqaro shaxmat maktabida yosh strateglar xalqaro anjumani o‘tkazilmoqda

17-aprel, 20264 O'qish vaqti0 ko'rishlar

15-17 aprel kunlari Qiziltepa tumanidagi “To‘dako‘l” dam olish maskanida joylashgan Xalqaro shaxmat maktabida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, Vladimir Kvintning yosh strateglar maktablari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamkorligida yosh strateglar 5 xalqaro anjumani o‘tkazilmoqda.

 

Mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan yosh strateglar va olimlar ishtirok etmoqda. Bugun anjumanning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Anjuman avvalida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining atrof-muhit masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan videotabrigi tinglandi.

 

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, Moskva davlat universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Vladimir Kvint, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov, Moskva davlat universiteti professori Irina Novikovalar so‘z olib, o‘zlarining mavzuga doir fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

- Vladimir Kvintning yosh strateglar maktablari o‘z atrofiga ko‘plab mamlakatlardan iste’dodli yosh strateglarni birlashtirib, ularni tarbiyalash, fikrlash va yetakchilik fazilatlarini shakllantirish, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bugungi o‘tayotgan tadbirdan ham ana shu maqsad ko‘zlangan. Bizning universitetimiz qoshida ham xuddi shunday maktab faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda hamkorlikda o‘tayotgan anjuman ham turli mamlakatlardan kelgan o‘quvchi va pedagoglar uchun o‘zaro fikr-mulohaza, tajriba almashish, strategik loyihalarni muhokama etish va kelgusi rejalarni belgilashda ochiq muloqot maydoniga aylandi, - deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori Baxtiyor Mardonov.

 

Tadbirda anjuman tashkilotchilari hamda bir guruh ishtirokchilarga faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar va ko‘krak nishonlari topshirildi.

 

Dasturga muvofiq, kun davomida turli taqdimotlar, tadbirlar, seminarlar, konsert dasturlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.