
9-aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri — Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o‘rin tutadi.
Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab kelingan bu ulug‘ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda.
Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, «Amir Temur» ordeni ta’sis qilingani, yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarga ulug‘ ajdodimiz nomi berilganini alohida qayd etish lozim.
Mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida mamlakatimiz
Prezidentining 2026-yil 5-fevralda “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” PQ-46-son qarori qabul qilindi.
Qarorga binoan, har yili aprel oyini «Amir Temur oyligi» deb e’lon qilish belgilandi.
Joriy yil 9-10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish ko‘zda tutilgan.