
Ariq va irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlaganlar jarimaga tortiladi
Aholi punktlaridagi ariqlarni, irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlash fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 74-moddasi (suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish) to‘ldirilib, aholi punktlaridagi va tuman (shahar) markazlaridagi ariqlarni, irrigatsiya tizimlarini ko‘mib tashlash fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming so‘mdan 1 mln 236 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 60 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Sun’iy suv oqimlari (ochiq va yopiq kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari), suv havzalari (suv omborlari, sel suvlari to‘planadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) hamda boshqa sun’iy suv obektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish, ya’ni suvdan xo‘jasizlarcha foydalanish, suvlarning va suv obektlarining holatiga ta’sir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, suv obektlaridan belgilangan suv olish limitlari, suvdan foydalanish va suv iste’moli rejalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshiriladi.
Amalda fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lsa, endilikda bu miqdor fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln 236 ming so‘mdan 2 mln 60 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2 mln 884 ming so‘mdan 4 mln 120 ming so‘mgacha) bo‘ladi.
Yuqoridagi huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha (8 mln 240 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonun 2026 yil 28 iyundan kuchga kiradi.