Yangilik tafsiloti


SUVSIZ TARAQQIYOT YO‘Q
“Xalqaro suv forumi - Tashkent Water Week”

SUVSIZ TARAQQIYOT YO‘Q

8-mart, 20265 O'qish vaqti0 ko'rishlar

Bugun dunyoda toza suvga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortmoqda. Suv – xavfsizlik va farovonlikning muhim omillaridan biriga aylangan.

 

Markaziy Osiyo mintaqasi ham suv resurslari cheklangan hududlardan biri hisoblanadi. Shu sababli cuv resurslari bilan bog‘liq muammolarni chuqur anglagan va uning kelgusi avlodlar taqdiridagi hal qiluvchi ahamiyatini oldindan baholay olgan Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyov xalqaro minbarlarda suv tanqisligi muammosi global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga jiddiy tahdid solayotganini  alohida ta’kidlab kelmoqda.

 

Prezidentimizning suv bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslarining amaliy natijasi o‘laroq, Toshkentda ikki kunlik “Xalqaro suv forumi - Tashkent Water Week” tashkil etildi.

 

Bugun o‘z ishini boshlagan forum mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda uzoq muddatli suv va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan barqaror suvdan foydalanish modellarini ilgari surishga qaratilgan. Ushbu tadbir davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, biznes va ekspertlar hamjamiyatini birlashtirib, transchegaraviy suv xavfsizligi muammolarini muhokama qilish, innovatsion boshqaruv va texnologik yechimlarni namoyish etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy strategiyalarni ishlab chiqish uchun muhim platforma hisoblanadi.

 

Uning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Temur Butunbayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii, Suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Barbara Yanush-Pavletta va boshqalar suvning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik masalalari haqida so‘z yuritdilar. Xalqaro ekspertlar tomonidan dunyoning qaysi mintaqasidan bo‘lishidan qat’iy nazar suvsiz taraqqiyotga erishib bo‘lmasligi e’tirof etildi. 

 

Forum doirasida “Transchegaraviy suv almashinuvi va davlatlararo muvofiqlashtirish” yo‘nalishida vazirlar muloqoti o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, Tojikiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Kurbon Hakimzoda, Rossiya Federatsiyasi Tabiiy resurslar va ekologiya vaziri o‘rinbosari Maksim Korolkov va boshqalarning fikrlari tinglandi.

 

Ishtirokchilar suv ta’minotidagi texnologik va raqamli innovatsiyalar, suv resurslarini boshqarishdagi global tendensiyalar va asosiy muammolar, oziq-ovqat xavfsizligida suvning roli va tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish, yashil standartlarni joriy etish, yerlardan oqilona foydalanish, inson kapitalini rivojlantirish va suv xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash kabi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

 

“Xalqaro suv forumi - Tashkent Water Week” davom etmoqda.