
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan insonlarni qadrlash, ularga munosib ehtirom ko‘rsatish ezgu an’anaga aylandi.
Karmana tumanida bo‘lib o‘tgan ana shunday xayrli tadbirda suv xo‘jaligi tizimida yil davomida sidqidildan mehnat qilib, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlariga suvni o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berishga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi suvchilar e’tirof etildi.
Karmana tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 60 nafar xodimiga bayram sovg‘alari va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroev, viloyat hokimi o‘rinbosari S. Hikmatov, Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Otabek Sadinov, Karmana tumani hokimi Shohruh Boltaev, nuroniylar va soha xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Qur’oni karim tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi va farovon kelajagi uchun duolar qilindi.
